O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Shahrisabz tumani jamiyati tashabbusi bilan Shahrisabz arxitektura va qurilish texnikumi majlislar zalida “Mahallamiz ozodaligi har birimizga bog'liq” mavzusida jamoatchilik eshituvi o'tkazildi.
Jamoatchilik eshituvida maishiy chiqindilarni tashish xizmatini ko'rsatuvchi tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Jamoatchilik eshituvida xizmat ko'rsatuvchi tashkilot tomonidan shartnoma shartlariga ko'ra maishiy chiqindilarni chiqindixonalardan bir kunda bir marta, signal usulida uch kunda bir marta olib ketilishiga amal qilinmayotganligi, asossiz to'lovlar hisoblash holatlarining mavjudligi, mahallalarda chiqindilarni olib ketish jadvallarining mavjud emasligi va unga amal qilinmayotganligi, xizmat ko'rsatuvchi tomonidan ommaviy shartnomaning boshqa shartlariga ham rioya etilmayotganligi xususida fikrlar bildirildi.
Eshituvda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondining davlat garanti loyihasi doirasida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning bugungi kundagi ahvoli to'g'risida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda iste'molchilar o'rtasida o'tkazilgan sotsiologik tadqiqot (ijtimoiy so'rovnoma)lar natijalari to'g'risida ma'lumot berildi.
Xususan, tumandagi 14 ta mahallada jami 350 nafar fuqaro ishtirokida o'tkazilgan so'rovnomalarda iste'molchilar qattiq maishiy chiqindini olib chiqish xizmatlari uchun to'lovlarni amalga oshirish muddatlaridan xabardor emasligi, xizmat ko'rsatuvchi tashkilot tomonidan chiqindilarni olib chiqishning minimal davriyligiga rioya etilmasligi hamda ko'rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish yoki asossiz qarzdorliklar hisoblash ko'rinishidagi korrupsiyaviy holatlar mavjudligi oydinlashgani qayd etildi.
Mavjud holat yuzasidan fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va xizmat ko'rsatuvchi tashkilot vakillarining fikrlari va takliflari eshitildi, shuningdek to'lov intizomini hamda xizmat ko'rsatish sifatini oshirish yuzasidan bajarilishi muhim bo'lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.