• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2024-04-17

MAKTAB OʻQUVCHILARI OʻRTASIDA TRENINGLAR OʻTKAZILDI

Oʻzbekiston Respublikasining «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonuni hamda mazkur sohaga doir qonunosti huquqiy-me'yoriy hujjatlari mazmun-mohiyatini tushuntirish, iste'molchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni ta'minlashda jamoatchilik ishtirokini oshirish, ichki iste'mol bozorida sifati past, odamlar hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdiruvchi tovarlar  va ish, xizmatlar sotilishiga yoʻl qoʻymaslik va bu boradagi jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodning huquqiy va iste'mol madaniyatini yuksaltirishga doir ishlarni faollashtirish hamda qonunchilik hujjatlarini keng targʻib qilish maqsadida Mirishkor tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumandagi umumta'lim maktablarining 10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Iqtidorli iste'molchi-kelajak tayanchi” mavzusida treninglar oʻtkazilmoqda.

Treninglar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda.

Oʻtkazilgan mashgʻulotlarda, asosan, iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari hamda bugungi kunda ular muammolarga duch kelayotgan savdo, xizmat koʻrsatish, umumiy ovqatlanish, kommunal, tibbiy xizmat, yoʻlovchi tashish sohalarida har bir iste'molchi bilishi shart boʻlgan huquq va majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berilayapti.

Treninglar jarayonida oʻquvchilarga “Bolalar uchun iste'molchi savolnomasi” qoʻllanmasi tarqatilmoqda. Mazkur qoʻllanma asosida tumandagi umumta'lim maktablarining 3500 nafardan ortiq 10-11-sinf oʻquvchilari mustaqil tarzda oʻzlarining iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik boʻyicha bilimlarini oshirishmoqda va tuman miqyosida “Najot-ta'limda, najot-tarbiyada, najot-bilimda” shiori ostida joriy yil may oyida oʻtkaziladigan koʻrik-tanlovga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishayapti. 

Albatta, har birimiz mahsulot sotib olganimizda yoki xizmatlardan foydalanganimizda muammolarga duch kelishimiz mumkin. Bunday muammolarga oʻz vaqtida echim topish esa iste'molchining huquqiy bilimlari qay darajada ekanligiga bogʻliq. Mirishkorlik oʻquvchilar esa maktab davridayoq bu boradagi bilimlarini oshirish imkoniga ega boʻlishmoqda.