• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2024-07-09

ELEKTR ENERGIYASIDAN SALKAM 21 MILLION SOʼM QARZ SUD QARORI BILAN BEKOR QILINDI

Koson tumanida yashovchi fuqaro E.M. oʼz xonadonidagi artezian qudugʼidan suv chiqarish maqsadida tuman elektr taʼminoti korxonasidan alohida abonent raqami ochgan holda elektr nasosidan foydalanib kelgan. Shuningdek, nasos uchun foydalanilgan elektr energiyasi boʼyicha toʼlovlarni alohida oʼrnatilgan hisoblagich koʼrsatgichlari asosida amalga oshirib borgan. Biroq unga shu yilning mart oyida tuman elektr taʼminoti idorasi tomonidan 20 million 892 ming soʼm asossiz qarzdorlik hisoblangan. Mazkur qarzdorlikning qanday asoslarga koʼra kelib chiqqanligiga biror izoh ham ola olmagan fuqaro tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etishga majbur boʼlgan. 

Fuqaroning murojaati oʼrganilganda elektr taʼminoti idorasi tomonidan solishtirma dalolatnomaga asosan noqonuniy tartibda qarzdorlik va unga nisbatan penya hisoblanishi hamda tegishli elektron dastur hisobotlar bazasiga kiritib yuborilishi oqibatida asossiz qarzdorlik kelib chiqqanligi aniqlandi.

Murojaatni oʼrganish natijasiga koʼra, isteʼmolchiga nisbatan noqonuniy hisoblangan qarzdorlikni bekor qilish toʼgʼrisida fuqarolik ishlari boʼyicha Koson tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sud tomonidan daʼvo talablari qanoatlantirilib, elektr energiyasi toʼlovlari boʼyicha asossiz hisoblangan jami 20 million 892 ming soʼm qarzdorlik bekor qilindi. Shuningdek, barcha sud xarajatlari javobgar Koson tumani elektr taʼminoti korxonasi hisobidan undirildi.