Kasbi tumani Oqqamish mahallasida yashovchi fuqaro Z.M. “Qashqadaryo suv ta'minoti” AJ bilan tegishli tartibda shartnoma va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirmasdan ichimlik suvidan foydalanib kelgan. Bu haqda suv ta'minoti idorasi vakillari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, fuqaroga nisbatan jarima hisoblangan. Biroq, hisoblangan jarima miqdoridan norozi bo'lgan fuqaro tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etgan.
Murojaat o'rganilganda, fuqaroning xonadonida ichimlik suvidan foydalanish bo'yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo'yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomada jami 1911 m3 ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilganligi va suv ta'minoti idorasiga 5 million 352 ming so'm zarar yetkazilganligi qayd etilganligi ma'lum bo'ldi va yetkazilgan zararni qayta hsiob-kitob qilishda xatoga yo'l qo'yilganligi aniqlandi.
Murojaatni o'rganish jarayonida, tegishli mutaxassislar ishtirokida yetkazilgan zarar miqdori qayta hisoblanganda uning haqiqiy miqdori 535248 so'm ekani, ya'ni “Qashqadaryo suv ta'minoti” AJ Kasbi tumani bo'limi tomonidan iste'molchiga nisbatan 4 million 817 ming so'm to'lov asossiz hisoblanganligi oydinlashdi va fuqaroning hisobidan chiqarilishi ta'minlandi. Shuningdek, fuqaroga kelgusida ichimlik suvidan foydalanish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishi shart ekanligi tushuntirildi.