Savolga Nishon tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Yusuf Suvonov javob berdi.
Iste'molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga etti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qoʻshimcha ravishda tekshirish zarur boʻlganida esa, iste'molchi talab qoʻygan paytdan e'tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.
Ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar boʻlmagan taqdirda, iste'molchining almashtirib berish xususidagi talabi da'vo qilingan paytdan e'tiboran bir oy ichida qondirilishi kerak. Choʻl va olis joylarda, tovarlar vaqti-vaqti bilan olib boriladigan joylarda iste'molchining bunday talabi ushbu joylarga navbatdagi tovar etkazib berish uchun ketadigan muddat ichida, lekin ikki oydan kechiktirmay qondirilishi lozim.
Ana shu muddatlarning oʻtkazib yuborilgan har bir kuni uchun sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste'molchiga almashtirilgan tovarni berish bilan bir vaqtda tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlaydi.
Iste'molchining roziligi bilan sotuvchi nuqsonli tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib berib, xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishi shart.