O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi tashabbusi bilan viloyat ona va bola markazida “Tibbiyot sohasida korruptsiyaga barham berish-muhim vazifa” mavzusida jamoatchilik eshituvi o'tkazildi.
Jamoatchilik eshituvida sog'liqni saqlash sohasi mutasaddilari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Jamoatchilik eshituvida tibbiyot sohasidagi korruptsiyaviy holatlar davlat tibbiyot muassasalarida ko'rsatilayotgan pullik va bepul tibbiy xizmatlar xususida iste'molchi(mijoz)larga yetarli va aniq ma'lumotlar berilmasligi oqibatida ularga ma'lum haq evaziga tibbiy xizmatlar ko'rsatilishi, belgilangan narxlardan ortiqcha haq olinishi, bemorga yozib berilgan retsept bo'yicha dori-darmonlarni shifokor aytgan dorixonalardan sotib olishga da'vat etish, davlat byudjeti mablag'lari hisobiga berilishi lozim bo'lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni bemorlarga ma'lum haq evaziga berish, tug'ruqxonalarda suyunchi puli va ko'rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish hamda boshqa shu kabi holatlarda namoyon bo'layotganligi qayd etildi.
Eshituvda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondining davlat garanti loyihasi doirasida joylardagi fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda iste'molchi (mijoz)lar o'rtasida o'tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari to'g'risida axborot berildi.
Qayd etish joizki, o'tkazilgan tadqiqotlarda jami 517 nafar iste'molchi (mijoz) ishtirok etgan. Shundan 260 nafari tug'ruq jarayonida, 150 nafari tug'ruqqacha davolanish jarayonida, 107 nafari esa boshqa turli tibbiy xizmatlardan foydalanish jarayonida korruptsiyaviy holatlarga duch kelishganligini ma'lum qilgan.
Jamoatchilik eshituvida o'tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari soha mutasaddilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama etilib, sohada yuzaga kelayotgan korruptsiyaviy holatlarga barham berish yuzasidan bajarilishi muhim bo'lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.