• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2025-01-27

Jamoatchilik nazorati tadbirlari natijalari tahlil qilindi

O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi va tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan o'tgan 2024 yil davomida savdo hamda xizmat ko'rsatishning boshqa  sohalari bo'yicha 13 marta jamoatchilik monitoringlari hamda ko'rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan 3 marta jamoatchilik fikrini o'rganish ishlari amalga oshirilgan.
Xususan, ijtimoiy soha ob'ektlari, ta'lim va kommunal, dori-darmon va xususiy tibbiy xizmatlar sifati, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko'rsatish sohalarida o'tkazilgan jamoatchilik nazorati tadbirlari natijalari yuzasidan sohaning yuqori tashkilotlari, vakolatli idoralar va mahalliy hokimliklarga muntazam ma'lumotlar kiritib borilgan hamda yo'l qo'yilayotgan kamchilik va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilab olish maqsadida jamoatchilik eshituvlari tashkil etilgan. 
Jumladan, o'tgan yil davomida savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa sohalarda o'tkazilgan jamoatchilik nazorati tadbirlari natijasida jami 136 ta sub'ektda, 326 turdagi, umumiy qiymati salkam 110 million so'mlik sifatsiz, kontrafakt oziq-ovqat mahsulotlarining savdodan olinishi ta'minlangan va savdo korxonalari mus'ullariga iste'molga yaroqlilik muddati o'tgan mahsulotlar savdosini bartaraf etish yuzasidan tushuntirishlar olib borilgan.
Ijtimoiy soha ob'ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi holati yuzasidan o'tkazilgan jamoatchilik monitoringlarida jami 45 ta holatda yetkazib berilgan ko'mir mahsulotining sifatsizligi, shundan 21 ta holatda isitish tizimining nosozligi, 5 ta holatda esa kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmaganligi aniqlanib, kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko'rilgan.
 Shuningdek, viloyatda aloqa va internet xizmatlarining sifati, tibbiy xizmatlar sohasida kuzatilayotgan korruptsiyaviy holatlar hamda bugungi kunda maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlarini ko'rsatishning ahvoli xususida jami 1650 nafar iste'molchining fikrlari o'rganilgan. Olib borilgan jamoatchilik fikrini o'rganish ishlari natijalari soha mutasaddilari ishtirokida o'tkazilgan jamoatchilik eshituvlarida atroflicha muhokama etilib, yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan jami 18 ta taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan hamda o'rganish ob'ektlari tomonidan ijrosi ta'minlanishi nazoratga olib borilgan.