Sarchashma qishlogʻi Shahrisabz tumanidan 80 kilometr uzoqda, baland togʻlar orasida joylashgan. Bu manzil odamlarining kitobga, adabiyotga boʻlgan mehri boʻlakcha.
Keng kitobxonlar talabi va mahalla oqsoqollari tashabbusi bilan bu qishloqda kutubxona tashkil etilgan. Mazkur kutubxona minglab kitoblar fondiga ega boʻlib, undan barcha qishloq ahli birdek foydalanadi. Ayniqsa, kutubxonadan maktab oʻquvchilarining qadami uzilmaydi.Ularning darsdan boʻsh vaqtlarida badiiy adabiyotlar mutolaasi bilan shugʻullanishlari uchun bu joyda barcha sharoitlar yaratilgan.
-Bundan ikki yil muqaddam mahalla oqsoqollari bilan birgalikda yoshlarimizga ma'naviyat ulashish maqsadida kutubxona tashkil etishga kirishganimizda juda koʻp qiyinchiliklarga duch kelganmiz,-deydi kutubxona mudiri Yarash Joʻraev.-Zarur adabiyotlarni topish va sotib olish qiyin kechgan. Biroq qishloq ahli qarab turmadi. Barchasi kutubxonani boyitishga oʻzining hissasini qoʻshdi. Bugun markazlarda joylashgan kutubxonalardan ham topish oson kechmaydigan nodir kitoblar bizda bor.
Yaqinda Oʻzbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi xodimlari mazkur kutubxona faoliyati bilan tanishishdi va kutubxonaga badiiy kitob toʻplamlarini topshirishdi.