• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2024-12-03

TIBBIY XIZMATLAR BO’YICHA JAMOATCHILIKNING FIKRI O'RGANILMOQDA

Oʻzbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondining “Tibbiyot sohasida korrupsiyaga barham berish-muhim vazifa” nomli davlat granti loyihasini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.

Xususan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Qarshi shahridagi shifoxona va shifoatxonalarda bemorlarga ko'rsatilayotgan shoshilinch tez tibbiy yordam hamda tug'ruq (fertil) yoshidagi ayollarga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar bo'yicha bemorlar va ularning vakillari ishtirokida iste'molchi (mijoz)larning sog'liqni saqlash sohasida duch kelayotgan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan anonim tarzda fikrlarini o’rganish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar o'tkazilmoqda.

Tadqiqotlar tibbiy xizmat sohasi, jumladan diagnostika tashxislash xizmati, tug'ruq xizmati, tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanishning tashkil etilganligi, tug'ruqni jarrohlik tartibida o'tkazish, tug'ruqqa qadar davolash, chaqaloqni emlash (kerakli muolajalar qilish), tibbiy varaqani to'ldirish, o'rin (joy) bilan ta'minlash, shifokor ko'rigi, davolovchi vrachlar tomonidan retsept asosida dori-darmonlarni ma'lum dorixonalardan sotib olishga undash (tavsiya etish) hollari, shifoxonalarda zarur dori-darmon va tibbiy buyumlar ta'minotining ahvoli, davolash xizmati, shoshilinch birinchi tez tibbiy yordam ko'rsatishning bepulligi, shoshilinch jarrohlik amaliyotini o'tkazishning bepulligi va boshqa tibbiy xizmatlarni ko'rsatish jarayonida yo'l qo'yilayotgan korrutsiyaviy holatlar bo'yicha jamoatchilikning fikrini o'rganishga qaratilmoqda.

O'tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalarini tahlil qilish va umumlashtirilgan ma'lumotlarni manfaatdor davlat tashkilotlariga kiritish hamda jamoatchilik fikriga muvofiq tibbiyot sohasi mas'ullari va keng jamoatchilik ishtirokida “Tibbiyot sohasida korruptsiyaga barham berish-muhim vazifa” mavzusida jamoatchilik eshituvi o'tkazish va bu borada bajarilishi muhim bo'lgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.