O‘zbekiston aholisining qariyb 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarlar tashkil etishi, mamlakatning kelajak taraqqiyotida yoshlar omillarining hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Ularning faolligi esa davlatning uzoq muddatli barqarorligi va ijtimoiy rivojlanishni ta’minlashda asosiy tayanch hisoblanadi.
Yoshlar faolligi faqat saylovlarda ovoz berishda ishtirok etish bilan belgilanmaydi. U keng ma’noda siyosiy jarayonlarda fikr bildirish, qaror qabul qilish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatish, ijtimoiy tashabbuslarda ishtirok etish, shuningdek, fuqarolik jamiyatida ko‘ngilli faoliyat orqali o‘z pozisiyasini ifoda etishni ham qamrab oladi.
Siyosiy partiyalar bu jarayonda yoshlar bilan davlat strategiyasi o‘rtasidagi muhim institusional ko‘prik vazifasini bajaradi. Ular yoshlarning siyosiy ongini rivojlantirish, fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirish va ularni davlat boshqaruvi jarayonlariga jalb etishda vositachi mexanizm sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonda yoshlar siyosati keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, uning mazmun-mohiyati va amaliy yo‘nalishlari tubdan yangilandi. Bu davrda qabul qilingan davlat strategiyalari, Prezident farmonlari va milliy dasturlar yoshlar bilan ishlashning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi hamda siyosiy partiyalar faoliyati uchun aniq vazifalarni shakllantirdi.
Ayniqsa, Yoshlar ishlari agentligining tashkil etilishi va unga yuklatilgan vazifalar mamlakatda yoshlar siyosatida yagona tizimli yondashuvni qaror toptirdi. Amalga oshirilgan dasturlar doirasida siyosiy partiyalarga yoshlarni ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jarayonlarga keng jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda siyosiy partiyalar yoshlarni o‘z saflariga jalb etish va siyosiy madaniyatni rivojlantirishda tashabbus ko‘rsatishlari kerak. Shuningdek, yoshlarning faolligini oshirib, ularni vatanparvarlik, fidoyilik va ijtimoiy mas’uliyat ruhida tarbiyalashi lozim. Bu esa partiyalarning haqiqiy faol siyosiy kuch sifatida shakllanish imkoniyatlarini baholashda muhim mezon hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonuni siyosiy partiyalarga fuqarolarni, jumladan yoshlarni jamiyatning siyosiy hayotiga jalb etish, ularning huquq va manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish vazifasini yuklaydi. Mazkur qonunga muvofiq, partiyalar fuqarolik faolligini oshirish va siyosiy madaniyatni rivojlantirishda muhim vosita vazifasini bajaradi.
Ayni vaqtda mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha siyosiy partiyalar o‘zlarining yoshlar qanotlarini tashkil etgan. Partiyalar qoshidagi yoshlar qanotlari uning elektorat bazasini kengaytirish, yoshlar orasida siyosiy ongni oshirish va dasturiy g‘oyalarni targ‘ib qilishda muhim rolь o‘ynaydi. Bunday tuzilmalar orqali yoshlar nafaqat siyosiy jarayonlarni kuzatuvchi, balki ularda faol ishtirok etuvchi sub’yektga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, siyosiy partiyalar, ayniqsa ularning yoshlar qanotlari, saylov jarayonlarida faol ishtirok etib, jamiyatda siyosiy faollikni rag‘batlantirishda muhim o‘rin tutadi. Ular nomzodlarning dasturlarini yoshlar orasida targ‘ib qilish, ovoz berishga chorlovchi tadbirlar uyushtirish va axborot kampaniyalarini samarali yo‘lga qo‘yish orqali elektoral faollikni oshirishga xizmat qiladi. Bu jarayon orqali yoshlar nafaqat ovoz beruvchi sifatida, balki siyosiy jarayonning tashabbuskori va tashkilotchisi sifatida ham tajriba orttiradi. Shu bois partiyalarning yoshlar qanotlari fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishning amaliy maktabi vazifasini bajaradi.
Qayd etish o‘rinliki, yoshlar siyosiy faolligini shartli ravishda uch asosiy yo‘nalishga ajratish mumkin. Birinchisi - instrumental ishtirok bo‘lib, u rasmiy ravishda talab etiladigan faoliyatlarni, jumladan saylovlarda ishtirok etish yoki hukumat va siyosiy partiyalar tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda qatnashishni qamrab oladi. Ikkinchi yo‘nalish - fuqarolik jalb qilinishi bo‘lib, u ko‘ngillilik asosida mahalliy hamjamiyatda ish olib borish, ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan faoliyatlarni o‘z ichiga oladi. Uchinchi yo‘nalish - avtonom siyosiy faollikdir. U tanqidiy fikr yuritish, siyosiy jarayonlarga mustaqil munosabat bildirish bilan tavsiflanadi. Demak, siyosiy partiyalarning asosiy vazifasi yoshlarni mustaqil siyosiy faollikka yo‘naltirishdan iborat bo‘lishi lozim.
Ta’kidlash joizki, Yoshlar ishlari agentligi va siyosiy partiyalar o‘rtasida yoshlar siyosatini amalga oshirish bo‘yicha rasmiy hamkorlikning o‘rnatilishi bu borada institusional asosni yaratdi. Bu hamkorlik partiyalar faoliyatida yoshlar faolligini oshirishni strategik yo‘nalish sifatida belgilab, ularning jamiyatdagi ishtiroki va tashabbuslarini tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda o‘tkazilgan saylovlar tahlili mamlakat yoshlarining siyosiy jarayonlardagi ishtiroki barqaror ravishda yuqori ekanini namoyon etmoqda. Xususan, 2019–2020 yilgi Parlament saylovlari, 2021 yilgi Prezidentlik saylovlari hamda 2023 yilgi Referendum natijalari shundan dalolat beradiki, 18–30 yoshdagi fuqarolar saylov uchastkalarida faol qatnashgan. Bu ko‘rsatkich yosh avlodning siyosiy jarayonlarga nisbatan befarq emasligini, ularda mamlakat taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyat hissi kuchayib borayotganini anglatadi. Bunday faollik, ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi doirasida jamiyatda fuqarolik ongining yuksalishi va siyosiy madaniyatning shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, yoshlarning saylovlarda ishtirok etishi - demokratik jarayonning muhim qismi hisoblanadi va ularning siyosiy faolligi, siyosiy qarorlar qabul qilish, jamoat muhokamalari va dasturlar ishlab chiqish jarayonlaridagi ishtirokini oshiradi.
Bundan tashqari, yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etish, yosh avlodning siyosiy faolligini oshirishda Yoshlar parlamenti muhim institutga aylanmoqda.
Bugungi kunda Yoshlar parlamentining 150 nafar a’zosi bo‘lib, yoshlar masalalarini hal etish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish hamda ularni islohotlar jarayoniga faol jalb etishda tashabbuskor bo‘lmoqda.
Xususan, Yoshlar parlamentining har bir a’zosi o‘zi istiqomat qiladigan hudud yoshlarining muammolarini o‘rganib, sabablarini aniqlab, uni yoshlar o‘rtasida muhokama qilgan holda bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. Qolaversa, qonun ijodkorligi jarayonida ishtirok etib, tengdoshlarining xohish-istaklarini qonunchilikka tatbiq etish, ularning takliflarini parlamentga olib chiqishga intilmoqda.
Qolaversa, 2025 yil 26 fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining KQ–102–V-sonli qaroriga muvofiq, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari huzurida Yoshlar maslahat guruhlari tashkil etildi. Mazkur guruhlar yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda qonun ijodkorligi jarayonlarida yoshlarga oid masalalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan yangi amaliy maydon vazifasini o‘tamoqda. Bu tashabbus yoshlarni mahalliy darajadagi qaror qabul qilish jarayonlariga faol jalb etish orqali ularning fuqarolik mas’uliyati va siyosiy tajribasini boyitishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, siyosiy partiyalar yoshlarning faol fuqarolar sifatida shakllanishi, ularning siyosiy ongi va ijtimoiy mas’uliyatini yuksaltirishda muhim tarbiya maktabi vazifasini bajarmoqda. Partiyalar orqali yoshlar davlat boshqaruvi jarayonlariga yaqinlashyapti, islohotlar mazmunini chuqur anglayapti va ularni amalga oshirishda shaxsiy ishtirokini ta’minlayapti. Bugungi kunda partiyalar faoliyati faqat saylovlardagi safarbarlik bilan cheklanib qolmasdan, yoshlarning siyosiy dunyoqarashini kengaytirish, ularning fikr bildirish va tashabbus ko‘rsatish salohiyatini oshirish yo‘nalishida ham izchil rivojlanmoqda. Shu ma’noda, yoshlar siyosiy faolligi mamlakat demokratik taraqqiyotining strategik omiliga aylanib bormoqda.
Shu bilan birga, partiyalar, davlat va jamoat institutlari o‘rtasidagi hamkorlik tizimini yanada kuchaytirish, yoshlarning mustaqil siyosiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni qonun ijodkorligi va ijtimoiy siyosatni shakllantirish jarayonlariga yanada faol jalb etish - kelgusi vazifalarning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Zero, faol, bilimli va yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan yosh avlod - Yangi O‘zbekistonning eng ishonchli tayanchi va ertangi kunda mamlakatni barqaror rivojlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
Abror RAXMONOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi.