• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2024-07-31

Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha qo‘llanma nashr etildi

O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Nishon tumani jamiyati tomonidan “Mahallada jamoatchilik nazorati” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanma nashr etildi.

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining davlat granti mablag‘lari hisobiga “ILM-FAN-MA'NAVIYАT” nashriyotida chop etilgan qo‘llanma jamoatchilik nazorati tadbirlarini tashkil etishda uning muhim subyektlari hisoblangan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘zaro hamkorligi  va muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etishning ahamiyatiga qaratilgan.

“Mahallada jamoatchilik nazorati” qo‘llanmasi O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni va qonunosti huquqiy-me'yoriy hujjatlari asosida nashrga tayyorlangan bo‘lib, unda mahallada jamoatchilik nazoratini tashkil etishning prinsiplari, huquqiy asoslari va ta'sirchanligini oshirish mexanizmlari hamda uning natijalarini rasmiylashtirish tartiblari zamonaviy uslublar va namunalar asosida yoritilgan. Shuningdek, mahalla tizimi xodimlari, faollari va “Mahalla nazorati” guruhlari a'zolariga jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish bilan bog‘liq zarur takliflar va tavsiyalar berilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qo‘llanmadan mahallada jamoatchilik nazorati amaliyotini ta'minlashda keng foydalanish mumkin. Qolaversa, qo‘llanmada mazkur jarayonni amalga oshiruvchi fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ham o‘z ish faoliyatlarida foydalanishi mumkin bo‘lgan sohaga doir qonunchilik ijrosini ta'minlash va jamoatchilik nazoratining yanada ta'sirchanligini oshirishga qaratilgan muhim huquqiy ma'lumotlar o‘z aksini topgan.