Chiroqchi tumani Bogʻishamol mahallasida yashovchi fuqaro E.U. tumandagi “Ishonch” savdo majmuasidan bir yil muddatda boʻlib toʻlash sharti bilan 4 million 823 ming soʻmga “Samsung” rusumli uyali aloqa vositasi sotib oladi. Biroq ushbu telefon apparatida nuqsonlar mavjudligi aniqlanadi. Sotuvchi esa oldi-sotdi jarayonida oʻz zimmasiga olgan kafillik majburiyatlarini unutadi va nuqsonli mahsulotni almashtirib berishni rad etadi.
Fuqaroning shu haqda qilgan murojaati Chiroqchi tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida, sotuvchiga iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari hamda mazkur turdagi mahsulotlar bilan chakana savdoni amalga oshirish tartiblari xususida tushuntirishlar berildi.
Nuqsonli mahsulot sotuvchiga qaytarilib, iste'molchiga shu rusumdagi sifatli uyali aloqa vositasi olib berilishi ta'minlandi.