• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2024-04-15

Sotib olinayotgan tovar (ish, xizmat)lar toʻgʻrisida iste'molchiga qanday ma'lumotlar taqdim etilishi shart?

Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste'molchiga oʻzi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli ma'lumot berishi shart. Bunda mazkur ma'lumot tovarlarning etiketkalarida, tamgʻalarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda iste'molchilarga etkazilishi mumkin.

Tovar (ish, xizmat) haqidagi ma'lumotda quyidagilar koʻrsatilishi shart:

tovarning (ishning, xizmatning) nomi;

tovar (ish, xizmat) majburiy talablariga muvofiq kelishi shart boʻlgan normativ hujjatning nomi;

tovar (ish, xizmat)ning asosiy iste'mol xususiyatlari, shu jumladan, oʻziga xos xususiyatlari roʻyxati;

narxi (tarifi) va sotib olish shartlari;

ayrim turdagi tovarlarning ishlab chiqarilgan sanasi;

ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari;

tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari hamda shartlari;

tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati va ushbu muddat tugaganidan keyin iste'molchi nima ishlar qilishi zarurligi, shuningdek bunday ishlarni bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlar toʻgʻrisidagi ma'lumotlar;

ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) toʻliq nomi va joylashgan eri (yuridik manzili), lisenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matrisali shtrix kodi), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili);

tovar kelib chiqqan mamlakatning nomi;

ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste'molchidan da'vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta'mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat koʻrsatadigan korxonalarning manzillari;

tovarlarni saqlash, xavfsiz utilizasiya qilish usullari hamda qoidalari.

teatr-konsert tadbirlari oʻtkazilayotganda fonogrammadan foydalanish toʻgʻrisidagi axborot.

Tovar (ish, xizmat) toʻgʻrisidagi ma'lumot iste'molchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur ma'lumot qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.

Texnik jihatdan tartibga solinishi majburiy boʻlgan tovar boʻyicha iste'molchiga uning texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida tegishli ma'lumotlar taqdim etilishi kerak.