Yakkabogʻ tumani “Uchtepa” mahallasida yashovchi fuqaro K.E tomonidan tuman markazida joylashgan savdo markazidan bir yillik kafolat muddati belgilangan holda, boʻlib toʻlash sharti bilan 3,8 million soʻmga “antiradar” qurilmasi xarid qilingan. Biroq, ushbu texnika vositasidan foydalanish jarayonida uning nosozligi ma'lum boʻlgan.
Biroq, Oʻzbekiston Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq mazkur holatda sotuvchi iste'molchining asosli talabini qondira olmagan. Xususan, xaridor tomonidan mahsulotni yangisiga almashtirish talabi bildirilgan boʻlsa-da, savdo markazi xodimlari tomonidan bu borada amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda hech qanday chora koʻrilmagan.
Yuzaga kelgan vaziyatdan norozi boʻlgan fuqaro Yakkabogʻ tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaat jamiyat mas'ullari tomonidan oʻrganilib, savdo markazi sotuvchilariga amaldagi qonunchilikka koʻra, sotuvchi mahsulotning kafolat muddati ichida aniqlangan nuqsonlar uchun javobgar hisoblanishi hamda iste'molchining ta'mirlash, almashtirish yoki pulni qaytarib olish kabi tanlov huquqlarini ta'minlashi shartligi tushuntirilgan.
Koʻrilgan choralar natijasida, nosoz qurilma iste'molchining roziligi bilan yangi sifatlisiga almashtirib berilishi ta'minlangan.