Bugungi kunda mamlakatimizda chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini isloh qilish doirasida hududlarni sanitar tozalash bo'yicha ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, maishiy chiqindilarni to'plash va hududlardan olib chiqishning samarali mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, ushbu sohaga elektron tanlovlar asosida hududlarni biriktirishning shaffof mexanizmlari orqali tadbirkorlik sub'ektlari ham faol jalb qilingan. Biroq ko'rsatilayotgan xizmatlar sifati ommaviy shartnomalarda nazarda tutilganidek emas.
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Shahrisabz tumani jamiyati tomonidan Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Ozodalikni saqlashga korruptsiyasiz erishaylik” mavzuidagi davlat granti loyihasi doirasida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning bugungi kundagi ahvoli to'g'risida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda iste'molchilar o'rtasida sotsiologik tadqiqot (ijtimoiy so'rovnoma)lar o'tkazildi.
Shahrisabz tumanidagi 14 ta mahallada o'tkazilgan tadqiqotlarda 350 nafar fuqaro ishtirok etdi. Tadqiqotlar natijalari esa, xizmat ko'rsatuvchi sub'ektlar tomonidan maishiy chiqindilarni tashishning minimal davriyligiga rioya etilmayotganini ko'rsatdi. Ya'ni, ishtirokchilarning 96 foizi chiqindilar ommaviy shartnomada nazarda tutilgan tartibda “chiqindi to'plash shoxobchalaridan – bir kunda bir marotaba va yakka tartibdagi turar joydan «signal» usulida – uch kunda bir marotaba” olib ketilmayotganligini ma'lum qilishdi.
Bu borada yuzaga kelayotgan muammoli holatlarni bartaraf etish har ikki tomonga bog'liq masala bo’lib, har bir iste'molchi maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish bo'yicha ko'rsatilgan xizmatlar uchun to'lovlarni belgilangan muddatlarda to'lash majburiyatini bajarishi, xizmat ko'rsatuvchi esa shartnomada nazarda tutilgan minimal davriylikka qat'iy rioya etishi lozim bo'ladi.