Savolga O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi bosh mutaxassisi R.BERDIEV javob berdi.
Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq tovarlarni realizasiya qilishda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste'molchiga shartnoma tuzilguniga qadar davlat tilida yoki taraflarning kelishuviga koʻra boshqa tilda quyidagi ma'lumotlarni taqdim etishi kerak:
sotuvchining nomi, uning manzili va shikoyatlarni qabul qilish tartibi;
ishlab chiqaruvchining (sotuvchining) toʻliq nomi va joylashgan eri (yuridik manzili), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan eri (yuridik manzili);
tovarlarning asosiy iste'mol xususiyatlari va oʻziga xos xususiyatlari;
lisenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matrisali shtrix kodi);
tovarlarning narxi, etkazib berish narxi va toʻlov shartlari;
ishlab chiqaruvchining kafillik majburiyatlari, tovarni ta'mirlash shartlari, shuningdek uni saqlash bilan bogʻliq xizmatlar;
shartnomani bajarishning boshqa shartlari;
agar davriy ravishda tovarlarni etkazib berish, xizmatlar koʻrsatish yoki ishlarni bajarish nazarda tutilgan boʻlsa, shartnomaning eng kam amal qilish muddati;
tegishli shartnomani tuzish uchun takliflarni qabul qilish muddati;
shartnomani bekor qilish tartibi.
Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuzilgan shartnoma bekor qilinganda, sotuvchi iste'molchiga tovarni qaytarib berish amalga oshiriladigan joy toʻgʻrisida xabar berishi kerak.
Tovar namunaga va tavsifga muvofiq boʻlmagan hollarda, iste'molchi uni almashtirishni yoki pul summasini qaytarishni talab qilish huquqiga ega.Tovarni qaytarib berish bilan bogʻliq barcha xarajatlar sotuvchining zimmasida boʻladi.