• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2024-06-26

“TASABBUSLI BUDJET” LOYIHALARI JAMOATCHILIK NAZORATIDA

“Tashabbusli budjet” amaliyotini va mahallalarning moliyaviy mustaqilligini yanada kengaytirish maqsadida 2024 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 10 trillion soʻm, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun kamida  4 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Bu kichik raqamlar emas va shuning bilan bir qatorda ushbu mablagʻlar toʻgʻri yoʻnaltirilsa, mahallalarimiz hozirgidanda obod boʻlishi, shubhasiz.

Xoʻsh, mazkur mablagʻlar evaziga amalga oshirilayotgan obodonchilik ishlarining sifati qay ahvolda? Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar qay darajada jamoatchilik nazoratiga olingan?

 

ENDI BARCHA HUQUQIY ASOSLAR MAVJUD

Qayd etish joizki, shu yilga qadar “Tashabbusli budjet” jarayonlari hech bir hujjat bilan tartibga solinmagan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024 yil 30 yanvardagi qarori bilan “Tashabbusli budjet jarayonlarini oʻtkazish hamda moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida Nizom” tasdiqlandi  va mazkur sohada dolzarb boʻlib turgan huquqiy asoslar va jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish, moliyalashtirish hamda amalga oshirish tartibi belgilab berildi.

Albatta, Nizom asosida barchaga birdek ma'qul kelgan muhim oʻzgarish bu - «Ochiq budjet» axborot portalida fuqarolarni identifikasiya qilish orqali «Bir fuqaro-bir ovoz» tamoyilining ishga tushirilishi boʻldi. Ya'ni, «Ochiq budjet» axborot portalida jismoniy shaxsning mobil raqami ma'lumotlarini Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazining elektron tizimi orqali aniqlashtirish imkoni yaratildi.

Shuningdek, Nizom asosida tuman (shahar)lar budjetlarining tasdiqlangan umumiy xarajatlarining kamida 5 foizi, qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizi, ichki yoʻllarni ta'mirlash uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining budjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi hamda vazirlik va idoralarning tegishli davr uchun tasdiqlangan rivojlantirish dasturlari doirasida koʻzda tutilgan mablagʻlar  aynan “Tashabbusli budjet” loyihalarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi belgilandi. 

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur Nizom jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish, saralab olish va gʻoliblarni aniqlash tartiblarini belgilab berdi.

                       2024 YILNING BIRINCHI MAVSUMI TAHLILI

“Tashabbusli budjet” loyihasining 2024 yil birinchi bosqichi qanday oʻtdi?

“Tashabbusli budjet” loyihasining 2024 yil birinchi mavsumida 11 million 735 ming nafardan ortiq odam loyihalarga ovoz bergan. Bu oʻzbekistonliklarning 31 foizi degani. Birinchi mavsumda aholi tomonidan yoʻl, suv, elektr, maktab, bogʻcha va shifoxonalarni yaxshilashga oid 35 ming 575 ta takliflar kelib tushgan va 29 ming 15 ta loyiha takliflari ovozga qoʻyilgan. Ya'ni, 81 foiz loyihalar qoʻllab-quvvatlangan. Yakuniy natijalarga koʻra, shundan 2 ming 770 ta loyiha gʻolib deb topilgan. Mazkur loyihalarda keltirilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun 3 trillion 249 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Ya'ni, 2 ming 253 ta mahalla tomonidan bildirilgan tashabbuslar qoʻllab-quvvatlangan.

Koʻrinib turibdiki, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida budjet mablagʻlarining bir qismini jamoatchilik fikri asosida yoʻnaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami yanada ortmoqda. Buni loyihaning 2024 yil birinchi mavsumida tasdiqlangan tashabbuslar soni va ajratilgan mablagʻlar miqdori keskin oshganligida ham koʻrishimiz mumkin. Biroq, gʻolib deb topilgan loyihalarning sifatli bajarilishi ustidan amalga oshirilayotgan jamoatchilik nazoratining natijadorligini bugungi kun talablari darajasida deb boʻlmaydi.  Axir,  ikki mingdan ortiq loyihaning qanday bajarilishi yuzasidan yuqori samarador va ta'sirchan jamoatchilik nazorati oʻrnatilmogʻi shart.

LOYIHALAR SIFATI BOʻYICHA JAMOATCHILIK

NAZORATINI KIM TA'MINLAYDI?

E'tirof etish kerakki, mazkur loyihalar jamoatchilik fikri asosida shakllantirildi va jamoatchilikning harakati bilan gʻolib deb topilib, moliyalashtirildi. Shu sababli, loyihalarning sifatli bajarilishi ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatilmogʻi, bu borada ham keng jamoatchilikning xohish-istaklari inobatga olinmogʻi maqsadga muvofiqdir. Va bu jarayon qaysidir ma'noda faol fuqarolarimiz tomonidan amalga oshirilayapti ham.

Jamoatchilik nazoratining jamiyat hayotida ijtimoiy adolat barqaror boʻlishi, shaxs, jamiyat va davlat munosabatlarida tenglik, mas'uliyat va javobgarlik ta'minlanishida ahamiyati katta. U har birimizning huquq va erkinliklarimiz nafaqat davlat tomonidan kafolatlanishi, balki davlat organlari faoliyatida ularning ustuvor boʻlishini ta'minlaydi. Qolaversa, bu nazoratning asosiy maqsadi, kimnidir jazolash emas, balki qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, dasturlarda jamoatchilik manfaatlari va fikrini hisobga oldirish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari hamda jamiyat manfaatlarining himoyasini ta'minlash hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati amalga oshiruvchi asosiy sub'ektlardir. Albatta, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda mazkur sub'ektlarning muvofiqlashtirilgan faoliyati muhim hisoblanadi. Aynan “Tashabbusli budjet” loyihalarining sifatli bajarilishidan barchamiz manfaatdormiz va mazkur jarayonda ta'sirchan jamoatchilik nazoratini ta'minlash har birimizning vazifamizdir. Aniqroq aytganda, ushbu jarayonni jamoatchilik nazoratiga olishda boshqa sub'ektlardan ham koʻra fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faolroq boʻlmogʻi zarur. Biroq, mahallalarning amalga oshirilayotgan islohotlar va obodonchilik ishlari sifati yuzasidan amalga oshirayotgan jamoatchilik nazorati tadbirlari natijadorligini bugungi kun talablari darajasida deb boʻlmaydi. Demak, bu borada fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga amaliy-metodik koʻmak zarur.

 

MAHALLA VA JAMOAT TASHKILOTLARI HAMKORLIGI MUHIM

Ma'lumki, jamoatchilik nazoratining yanada ta'sirchanligini oshirishda oʻrganilayotgan soha boʻyicha maxsus ekspertlar guruhini shakllantirish muhim sanaladi. Mazkur jarayonga OAV vakillarining ham jalb etilishi esa amalga oshirilgan nodavlat nazoratning natijadorligini oshiradi.

Bu borada jamoat tashkilotlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻzaro hamkorligi va muvofiqlashtirilgan faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosini ta'minlashda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faol ishtiroki” mavzusida grant tanlovi e'lon qilindi. Oʻzbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasining Nishon tumani jamiyati mazkur tanlovning “2024 yil 1 avgustga qadar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga “Tashabbusli budjet” doirasida amalga oshirilayotgan  loyihalarning amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring qilishga koʻmaklashish” yoʻnalishi boʻyicha gʻolib deb topildi. “Jamoatchilik nazorati-obodonchilik kafolati” deb nomlangan mazkur loyiha doirasida bugungi kunda keng qamrovli jamoatchilik nazorati tadbirlarini olib borish nazarda tutilmoqda.

LOYIHADAN ASOSIY MAQSAD NIMA?

Asosiy maqsad,  “Tashabbusli budjet” loyihalarining bajarilishi ustidan ta'sirchan jamoatchilik nazoratini olib borish boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro muvofiqlashtirilgan va hamkorlikdagi faoliyatni yoʻlga qoʻyish hamda mahalla raislari boshchiligidagi “mahalla nazorati” guruhi a'zolari va faol fuqarolarni jalb etgan holda gʻolib deb topilgan loyihalarning sifatli amalga oshirilishi yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbirlarini oʻtkazishdan iboratdir.

Bundan tashqari, loyiha davomida oʻtkazilgan jamoatchilik nazorati tadbirlari natijasida aniqlangan kamchilik va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan mahalliy hokimlik va boshqa vakolatli davlat organlariga takliflar kiritib boriladi, shuningdek zarur hollarda fuqarolar yigʻinlariga “mahalla raisi soʻrovi”ni yuborish va “Shaffof qurilish” axborot tizimiga foto va video materiallar joylashtirilishiga va jamoatchilik ekspertizalari oʻtkazilishiga koʻmaklashiladi, “Tashabbusli loyihalar” amalga oshirilgan mahallalar aholisining fikri oʻrganiladi.

Qolaversa, “mahalla ettiligi”,  “mahalla nazorati” guruhi a'zolari va faol fuqarolar ishtirokida jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslarini targʻib etishga qaratilgan “Tashabbusli loyihalar - mahallamiz obodligi garovidir” mavzusida treninglar olib borish hamda ularning sohaga doir amaldagi qonun va qonunosti hujjatlari mazmun-mohiyati buyicha huquqiy bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish ham rejalashtirilgan.

NATIJA QANDAY BOʻLADI?

Nishon tumanida “Tashabbusli budjet”ning 2024 yil  birinchi mavsumida gʻolib deb topilgan jami 11 ta, xususan 17,3 kilometr ichki yoʻllar ta'mirlanishi va asfaltlashtirilishi, 15 kilometr ichki yoʻllar shagʻallashtirilishi va umumta'lim maktablari ta'mirlanishi, yoʻlaklar va yordamchi binolar qurilishi bilan bogʻliq ishlarning sifatli bajarilishi ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi. Aniqlangan kamchilik va qonunbuzilish holatlarini joyida hal etish choralari koʻriladi.

Eng muhimi, tumandagi barcha mahallalar xodimlari va faollari jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslari va amalga oshirish mexanizmlari xususida zarur bilim va amaliy koʻnikmaga ega boʻlishadi. Bu esa kelgusida mahallalar tomonidan mustaqil tarzda amalga oshiriladigan jamoatchilik nazorati tadbirlarining samaradorligini oshirishga asos boʻlib xizmat qiladi.

XULOSA SHUKI...

Jamoatchilik nazorati, nafaqat davlat organlari faoliyatida, balki barcha sohalarda muhim. Ayniqsa, qurilish va obodonlashtirish sohasi bunday nazoratga juda ham muhtoj. Davlatimiz budjetidan ajratilayotgan milliardlab mablagʻlar va xalqimizning fikri, tashabbusi, mehnati evaziga yuzaga kelgan loyihalarning bajarilishini birgina quruvchining yoki mahsulot bilan ta'minlovchining vijdoniga havola qilib qoʻyish, albatta xato boʻladi. Demak, bu borada jamoat tashkilotlari ham, mahallalar ham, axborot vositalarimiz ham, odamlarimiz ham faol boʻlmoqlari kerak.

 

Loyiha xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda.